24-avgust kuni Buxoroda uchinchi tungi yugurish marafoni bo’lib o’tadi va uning uzunligi 10 kmga yetadi. Bu marafon O’zbekistonda tungi vaqtda bo’lib o’tadigan yagona xalqaro yugurish marafoni hisoblanadi. Xohlasangiz 5K, xohlasangiz 10K yugurishingiz mumkin, shuningdek skandinaviya yurishi va bolalar yugurishini ham tanlashingiz mumkin.
Agar siz hali Bukhara Night Race’da qatnashmagan bo’lsangiz, bu orzuingizni aynan shu yilda amalga oshirishingizni tavsiya qilaman. Aynan shu marafon, o’ylashimcha, yugurishni endi boshlayotgan va o’zining birinchi medalini olishga qaror qilganlar uchun mos keladi.
1. Transfer xarajatlari
Agar marafonga Toshkentdan yo’lga chiqmoqchi bo’lsangiz, sayohat uchun, marafonga yig’iladigan pul, yo’lkira va ovqatlanishni ham hisobga olgan holda, bir necha kunga $150–200 kerak bo’ladi. Buxoroda Toshkentga qaraganda ancha arzonroq narxlarda ovqat va mehmonxonalarni topish mumkin. Transport ham xuddi shunday. Deyarli hamma joyda karta bilan to’lov qilsangiz bo’ladi, shuning uchun AVO platinum kredit kartangiz hisobini to’ldirishni unutmang.
2. Yuguruvchilar jamoasida netvorking
O’tgan yili marafonda 1600 kishi qatnashgan edi. Bu yili yuguruvchilar soni deyarli ikki karra oshadi. Marafonga ataylab dunyoning 20 davlatidan mehmonlar tashrif buyurishadi. Yana, Buxoroda xorijliklar ko’p va turistik vayb ham sezilib turadi.
Yugurish chog’ida boshqa odamlar bilan birlashish qanday zo’rligini o’zimning tajribamda yaxshi tushundim. Zamin Ultra marafonida ilk 50K masofani bosib o’tayotgan vaqtimda yo’lda bir necha marta Odiljon aka ismli amaki bilan bir qatorda yugurdik. So’nggi 10K masofaga kelib tanishishga qaror qildik. Bu tanishuv butkul holsizlanib, oxirgi kilometrlarni bosib o’tayotganda o’zingizga «oz qoldi, chida, marra yaqin» deya dalda berib kelayotgan holatimizda yuz berdi. O’sha vaqtda notanish bo’lgan insonning qo’llab-quvvatlashi menga quvvat bag’ishladi.
Shundan so’ng biz deyarli har bir marafonda ko’rishib, bir-birimiz bilan salom-alik qiladigan bo’ldik, hatto bir marta ularnikiga Farg’onaga mehmonga ham bordim!
3. Vayb
Toshkent va boshqa katta shaharlardan so’ng Buxoroda hayot ancha sekin o’tayotganga o’xshaydi. Atrofda hech kim shoshib-pishib yurmaydi, shaharning shovqini eshitilmaydi. Marafon va uning atrofida o’tayotgan tadbirlar bilan solishtirsangiz yer bilan osmonchalik farqni sezasiz.
4. Buxoro bilan tanishuv
Buxoroga ilk tashrifimga ham o’tgan marafon sabab bo’lgandi. Bu shahar bilan tanishishning ajoyib yo’li. Marafonda shaharning markazi bo’ylab yugurib, ko’plab tarixiy obidalar, muzey va madrasalar yonidan o’tasiz. Yilning bu vaqtida ob-havo unchalik issiq emas, ko’chalar ozoda, yorug’ va harakatlar cheklangan! Shahar ichida kerakli manzillarga piyoda yetib olish mumkinligini hisobga olgan holda, yo’llarda harakat cheklangani bilan hech qanday muammo yuzaga kelmadi.
5. Bu yil plogging bo’ladi
Plogging — yo’l-yo’lakay yurib ketayotganingizda (biz esa yugurib ketayotganimizda) chiqindilarni yig’ib borish. Shu yildan boshlab tashkilotchilar har bir marafonga plogging’ni qo’shishni boshladilar. Bunday harakatlar ommaviy tadbirlar uchun trendga aylanayotgani juda zo’r.
BNR 2023
O’tgan yili 10 kilometrni odatdagidek yugurib o’tmoqchi edim. Lekin Loud 373 musiqali dueti o’tgan yilgi marafonda birinchi marta paydo bo’ldi. Loud 373 — bu mening Qo’qonlik do’stlarim, ular o’zlari zamonaviy elektron musiqa yozib, o’zbekcha milliy koloritda ularni ijro etadilar. Ular progressiv musiqalar yaratib, hazil va qoyilmaqom perfomanslar bilan musiqalarini boyitadilar.
2023-yilda Buxorodagi marafon shunday perfomanslardan biriga aylandi. Ushbu marafonda do’stlarim didjey pultini olib, uni yo’lda harakatlanishga qulay qilib kiyimlariga yopishtirdilar, mikrofon, JLB kolonkasini ham ryukzakka yopishtirib, masofaning yarmini ular bilan birga bosib o’tishimni so’radilar. Shu masofa ichida o’zlarining musiqalarini qo’yib, sportchilarni ruhlantiradigan gaplarni mikrofonda baralla aytib o’tdilar.
Pult men orqalab ketayotgan kolonkaga ulangan edi, shu sababli ularning yugurish masofasi oxirigacha yonma-yon yugurdik. Shunday holda 5K masofani yugurib o’tdik, qolgan 5Kni esa o’zim yengilgina yugurib o’tdim.