Yozgi festivallarni O’zbekistondagi eng keng qamrovlilaridan biri — «Stixiya» festivali ochib berdi, biz ham shu yerda bo’ldik.
Bu maqolada Mo’ynoqqa qulay borib-qaytish uchun hamma xarajatlarni qanday hisoblash va cho’ntakda qum bilan qolmaslikni ko’rib chiqamiz (spoyler: qum baribir bo’ladi).
Early bird — rejalashtirishning eng samarali yechimi
Deyarli barcha iventlarga chiptani barvaqt olsangiz, ancha arzonga tushasiz. Ertaturar qushlar uchun Stixiya’ga chipta narxi bor-yo'g’i 400K, kech qolganlar uchun esa kirish — 800K. Keyingi safarlarda siz ham erta rejalashtirishni odat qilib oling. Erta turganga Xudo berarkan.
Qumlargacha yetib olamiz
Festival o’tkaziladigan joyga to’rt usulda yetib olish mumkin:
- Samolyot (bir tomonga 485 000 so’mdan)
Bu yerda ham erta rejalashtirib, erta bron qilish odatim qo’l keldi. Eng qulay variant — Nukus yoki Urganchgacha yetib olib, u yerdan Mo’ynoqqa taksida yetib olish.
- Poyezd (bir tomonga 340 000 so’mdan)
Stixiyachi do’stlar bilan Toshkentdan Nukusgacha poyezdda sayohat 19 soat vaqt oladi. Lekin, bunday yo’nalishda bir tomonga yetib olsangiz, kelasi sayohatlarda samolyotni qadrlashni boshlaysiz.
- Avtobus
Katta-kichikdan so’rab yoki festival qatnashchilari guruhiga yozib, qaysi avtobus borishini bilib olsangiz bo’ladi. Ba’zilar o’zlari katta avtobus topib, unga yo’lovchilarni ham o’zlari yig’ishadi. Toshkent-Mo'ynoq-Toshkent yo’nalishi bo’yicha bitta joy narxi 700K dan boshlanadi.
Yana har kuni 16:30da «Toshkent» avtovokzalidan Nukusgacha avtobus yuradi. Bir tomonga chipta 118 000 so’m turadi.
- Avtomobil
Qulayligi bo’yicha oxirgi, lekin sarguzashtbopligi bo’yicha birinchi o’rinda turadigan variant — bu, shaxsiy avtomobilda borish. Toshkentdan Mo’ynoqqacha yo’l, to’xtashlarsiz borilsa, taxminan 18 soat vaqt oladi. Yo’lning bir tomoni uchun yoqilg’iga esa 1 400 000 so’m sarflaysiz.
Yo’l-yo’lakay Samarqand va Buxorodan o’tasiz. Agar siz u yerlarda bo’lmagan bo’lsangiz, shuningdek, yo’lda rul va yo’l xarajatlarini teng bo’lishadigan do’stlaringiz bo’lsa, avtomobil — juda zo’r variant.
Festivalda yashash uchun joy
Yashash uchun eng qulay va hamyonbop variant — festival yaqinidagi ijaraga beriladigan uylar. Bu kvartira yoki kichik hovli bo’lishi mumkin. Uy egalari, odatda, juda mehmondo’st: ertalab nonushta bilan mehmon qilishadi va kech qaytganligingiz uchun ulardan dakki eshitmaysiz.
Bir sutka uchun shunday uyda turish narxi bir kishiga taxminan 150K.
Yashash uchun joyni telegram-guruhlarda yoki festival tashkilotchilari bergan raqamlarga yozish orqali topish mumkin.
Agar Stixiyaga maksimal darajada yaqin yashashni va non-stop muhitda bo’lishni istasangiz, ivent o’tkaziladigan hududda yurta yoki chodir uchun joylarni bron qilishingiz mumkin.
Yurtada bitta joy uchun 250K, chodir uchun joy ijarasi esa — 100K.
Kiyim-kechak
Ko’pchilik Stixiya festivalini butun dunyoda taniqli Burning Man festivaliga o’xshatishadi. Ikkala tadbirda ham stimpank uslubidagi noodatiy kiyimlar qo’llab-quvvatlanadi.
Kostyumlarni maxsus do’konlarda ijaraga olishingiz yoki Yangiobod bozorida o’zingizga second-hand look yaratishingiz mumkin. Bir kishi uchun bir komplekt kiyim o’rtacha 250K dan boshlanadi.
Oldindan tayyorgarlik ko’radiganlar uchun — Shein kabi xorijiy onlayn-marketlardan kiyim buyurtma qilishni tavsiya qilamiz. U yerda 50-100$ ga look va aksessuarlar yig’ishingiz mumkin.
Kech qolganlarga esa — Stixiya hududida xohlagan «obraz»ingiz uchun noyob akseslar topishingiz mumkin, yana istagingizga ko’ra sizni pardozlab ham qo’yishadi!
Festivalda nimalar qilamiz va nimalarga pul sarflaymiz
Quyosh botishi bilan festivaldagilar «uyg’onishni» boshlashadi. Undan avval odamlar yaxshilab uxlab, fikrlarini bir joyga to’plashadi va turli ekskursiyalarga borishadi.
Festival o’tkaziladigan joyda fudkort va kokteylli bar bor. Fudkortda osh, xot-dog, PP-likopchalar, kabob va hatto veganlar uchun taomlar ham sotiladi.
Bitta porsiya narxi, o’rtacha — 80К.
Shu hududda yana kokteyllar ham bor, narxi taxminan 60K.
Market-zona
Festivalning bosh mavzularidan biri — ekologiya. Shuning uchun market-zonada o’zingizga «apsaykl» kiyimlar va plastikdan qayta ishlangan aksessuarlarni olishingiz mumkin.
Shuningdek, festivalga Afrikadan olib kelingan noyob bezaklarni ham topishingiz mumkin!
Market-zonadagi mahsulotlar narxlari 50 dan 700K gacha boradi.
Qum va ob-havoning aynishi haqida bilmaganlar uchun — joylarda tibbiy niqob, paypoq va boshqa kerakli tovarlar sotiladi. Ular sizni xavfsiz saqlash bilan birga, yana qulaylik va muhitga mos vayb taqdim etadi.
Ekskursiyalar
Sizni krossover / jipda olib yuruvchi, faqat ishonchli gidlardan ekskursiya olishingizni qattiq tavsiya qilaman.
Mo’ynoqda pul ishlashni o’ylab, arzon narxga sizni istalgan nuqtaga olib borib qo’yishni taklif qiladigan haydovchilar talaygina. Lekin ko’p joylarga oddiy yengil mashina yetib borolmaydi, haydovchilar esa bunday hollarda o’zlarini hech nimani bilmaganlikka solib oladilar. Natijada ham pulingizni, ham vaqtingizni yo’qotgan bo’lasiz. O’tgan Mo’ynoq festivalida bizning guruh shunday ayyor qopqonga tushgan edi.
Yaxshisi, turni sinovdan o’tgan operatorlardan oldindan tanlab olgan ma’qul. Shunday operatorlardan biriga havolani qoldiraman. Mo’ynoq atrofida sayohatlar 15$ dan boshlanadi.
To’lovlar qanday bo’ladi va valyutani qayerda almashtirish mumkin?
Festival hududidagi barcha savdo nuqtalarida naqd pul yoki mahalliy to’lov ilovalari orqali to’lash mumkin. Imkon qadar pullarni ikkiga bo’lish kerak: o’zingiz bilan naqd pul oling, AVO bank kartasiga pul qo’ying va har qanday fors-majorlarga tayyor bo’ling.
Barcha to’lovlar faqat mahalliy valyuta — o’zbek so’mida amalga oshiriladi. Kurs — 1 dollar uchun 12,600 so’m, 1 yevro uchun 13,700 atrofida.
Valyutani Mo’ynoq, Nukus yoki Toshkentdagi bank bo’linmalarida yoki bankomatlarda almashtirish mumkin.
Tavsiya qilamiz: valyutani katta shaharlardan biridagi bankomat / bank bo’linmasida almashtiring.
Tavsiya qilmaymiz: «valyutchiklardan» almashtirmang, bu qonunga xilof.
Fotograf: Ivan Molotilov