O’zbekistonda harf terib pul ish ishlash qiyin, lekin iloji bor. Jurnalistlik ishiga endi qadam bosgan kadrlar o’rtacha 5 mln so’m oladilar, o’rta darajadagilar — 10 mln, muharrir va bosh muharrirlar esa — 15 mln va undan yuqori daromad oladilar. Yangi maqolalar uchun mavzular izlashdan tashqari, men yana pullarimni taqsimlash haqida ham ko’p bosh qotiraman. Xo’sh, ortiqcha gap-so'zlarsiz, Toshkentda jurnalist oyligiga qanday yashashim haqida aytib beraman.
O’zim haqimda: Men 26 yoshman (yaqindagina tug’ilgan kunim bo’ldi). Oilaviy holatim — havas qilsa arzigulik bo’ydoq, lekin hozircha faqat mushukka ehtiyojim bor 😁
Lavozimim: O’zbekistondagi eng taniqli OAVlardan birida muharrir bo’lib ishlayman.
Menimcha, o’zimni moliyaviy jihatdan to’liq mustaqil inson deb atasam bo’ladi. Buning uchun, albatta, yetti yil ter to’kib mehnat qilishimga to’g’ri keldi. Hisoblab chiqdim: moliyaviy barqarorlikni saqlash uchun oyiga 15 mln so’m pul ishlab topsam yetadi.
Jurnalist bo’lib ishlashni universitetning ikkinchi kursidan boshlaganman, o’shanda hali 19 yoshda edim. Avvaliga, asosan biznes, iqtisodiyot va siyosatni yorituvchi ishbilarmon OAVlarda maqola yozish bilan shug’ullandim. Hozirgi statusimga keladigan bo’lsak, men uni middle-management deb atagan bo’lardim.
Shuningdek, O’zbekiston turizm vazirligida yana ikkinchi, unchalik qiyin bo’lmagan ishim bor. U yerda men o’zbek tilidagi matnlarni rus va ingliz tiliga tarjima qilish bilan shug’ullanaman. Bu ishimdan qo’shimcha 5 mln so’m topaman.
Qanchadan pul yig’aman
Odatda oylik daromaddan 10%lar atrofida yig’ib borish kerak deyishadi. O’ylashimcha, hatto shuginani qoldirish ham qo’limdan kelmadi. To’g’risini aytganda, men pulni u yoq-bu yoqqa qaramay sarflashni yaxshi ko’raman, pul yig’ish esa menga unchalik to’g’ri kelmaydi. Lekin 2020-yildayoq o’zbek kompaniyalari aksiyalaridan oz-muncha olib qo’yganman va mana to’rt yildirki, ular hamon chang bosib yotishibdi.
Yoshim 26 ga yetdi va endi ijarama-ijara yurmay, o’zimning ikki xonali uyim bo’lishini xohlayman. Hisob-kitobimga ko’ra buning uchun menga $60-$70 ming dollar (890 mln so’m) kerak bo’ladi. Yana mashina olsam ham yomon bo’lmasdi, plyus $13-15 (taxminan 170 mln so’m). Mana milliarddan ham oshib ketdi, «oyoqqa turish»im uchun aynan shuncha kerak bo’ladi deb o’ylayman.
Hozir men Mirobod ko’chasida oyiga $500 (6,4 mln so’m) ga kvartira ijaraga olganman. Bu, menimcha, oyiga eng katta xarajatim. Ota-onamning uyidan ko’chib chiqqanimga hali ko’p bo’lmadi, bor-yo'g’i 3–4 oy avval, va ana endi mustaqil yashashni o’rganyapman. Mushuk boqib olishga, afsuski, kvartira egasi ruxsat bermadi. Bu apartamentlar uchun changyutgich va o’yin moslamasidan tashqari hech nima olganim yo’q. Pulimni tejash uchun ba’zi mebellarni ota-onamning uyidan olib keldim.
Mening kundalik xarajatlarim
O’yin-kulgi. Meni do’stlarim ko’p, shuning uchun ko’chaga ko’p chiqaman va bu xarajatlarim kutilmagan darajada tez o’sishining bosh sababchisi. O’rtacha shunday chiqishlarning bittasi menga 250 000 so’mga tushadi, ba’zida esa, haftaning qaysi kuniligiga qarab, ko’proq bo’lishi ham mumkin. O’ylashimcha, juma va shanba kunlari (dam olish kunlariga tayyorgarlik) bo’lgani uchun ko’proq sarflayman. Umuman olganda, o’yin-kulgiga oyiga 3,5 mln so’m ketadi. Asosan, bu do’stlarim bilan uchrashuvlar, qahvaxonada tushlik va kechki taomlar hisobiga.
Bozorlik. Ishim va do’stlarim bilan uchrashuvlar sababli bir oyda ko'pi bilan 10 marta o’zim uyda ovqat tayyorlayman, shuning uchun oziq-ovqatga ko’p pul ishlatmayman. Odatda bir oyda ikki marta muzlatkichimni to’ldirib bozor qilaman. Bir marta marketdan to’liq xarid qilishga 500 000 so’m, bir oyda esa — 1 mln so’m sarflayman.
Kiyim-kechak. Unchalik tez-tez kiyim sotib olmayman, odatda bir necha oyda bir marta, va olsam ham o’zimga nima kerakligini yaxshi bilib, keyin olaman. Yaqinda polo, jinsi va bitta mayka oldim. Hammasiga 3,8 mln so’m sarfladim. Kiyimlarim uzoq vaqt xizmat qilishi va ko’rinishi tezda eskirmasligi uchun sifatliroq kiyimlarni olishni ma’qul ko’raman.
Kommunal to’lovlar. Ular ijara pulimning ichida bo’lgani uchun nimaga qancha to’lashimni aniq aytolmayman.
Yo'lkiralar. Jamoat transporti, hatto taksi ham, boshqa davlatlarga qaraganda O’zbekistonda ancha arzon. Oyiga transport xarajatlari uchun 200 000 lar atrofida pul ishlataman. Asosan men jamoat transportidan foydalanaman, kamdan-kam taksi chaqirishim mumkin.
Ta'lim. O’quv kurslarimga oyiga $230 (taxminan 3 mln) sarflayman. Buning ichiga italyan tili bo’yicha repetitor (o’rganishni boshlaganimga 3 oy bo’ldi) va har haftalik psixolog bilan seanslar kiradi. Aytgancha, hammaga psixologga borishni tavsiya qilaman, hatto muammolaringiz bo’lmasa ham. Ruhim salomatlik — o’ta muhim!
Sayohat. Bu eng sevimli hobbilarimdan biri. Shu maqolani yozayotgan vaqtimda men 13 ta davlatda bo’lishga ulgurdim. Oxirgi ikkitasiga o’zim hech nima sarflamadim. Sayohat xarajatlarini to’liq kompaniya qopladi, shuning uchun qancha sarflaganimni aniq aytolmayman. Umuman, jurnalistlar uchun sayohat bobida ko’pgina afzalliklar bor. Ko’pincha, albatta, yurtimiz bo’ylab sayohat qilamiz. Men respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida bo’lganman. Ba’zida chet elga sayohatlar ham bo’lib turadi, masalan, men o’zim Barselona va Bryuselda bo’lganman.
Xizmatlar. Men film ko’rish uchun obunaga pul to’layman — oyiga 25 000 so’m turadi. Musiqa strimingi uchun esa birato’la bir yillik obuna pulini o’tkazaman — taxminan 250 000 so’m. Umuman, obunalarim sanab o’tganlarimdan ancha ko’p, chunki reklamaga uchib obuna bo’laman-da, keyin pul yechishni o’chirishni unutib qo’yaman. Ba’zida eng oxirgi 100 000 so’mim meditatsiya xizmatiga ketib, tushligim o’rnini egallaydi. Ha mayli, hech bo’lmaganda ruhan «to'yaman-ku» 🧘🏻♂️
Internet va telefon. Mobil aloqa uchun oyiga o’rtacha 110 000 so’m sarflayman, internetga esa ozgina kamroq — 100 000 so'm.
Byudjetni boshqarish sirlari
Asosan moliyaviy hayotimni AVO ilovasida kuzatib boraman — unda xarajatlar tarixini ko’rish mumkin. Shuningdek, nazorat uchun AppStore’dan maxsus ilovani yuklab olganman.
Oldin xarajatlarimni nazorat qilish uchun turli uslublardan foydalanib ko’rganman: limit belgilash, dollar sotib olish, do’stlarimga qarz berish va boshqalar. Lekin o’zim uchun to’g’ri xarajat qilish bo’yicha hech qanday sirni kashf qilmaganman. Shunchaki kamroq sarflashga harakat qilaman, chunki ko’pincha xarajatlarim daromadimdan oshib ketadi.
Investitsiyalar. Menga ishda $1000 (o’sha vaqtlarda 13 mln so’m atrofida) rag’bat puli berishganda men investitsiya kiritishga qaror qildim. Avval aytib o’tganimdek, men moliyaviy nashrlarda ishlaganman va o’zim uchun investitsiya bo’yicha bir-qancha bilimlarni olganman. Shuning uchun pullarimni qaysi sohaga kiritish uchun bir qancha variantlarni ko’rib chiqqanman. O’zbek kompaniyalaridan aksiya sotib olish menga eng yaxshi variantdek tuyulgan. Muammo shundaki, xorijiy kompaniyalardagi qimmatli qog’ozlardan farqli o’laroq, mahalliy aksiyalar unchalik tez o’smaydi, lekin barqarorligi bo’yicha ustun turadi. Men shu imkoniyatni ko’ra oldim va aynan ularga pul kiritishga qaror qildim.
Hozir bunday qilmagan bo’lardim. Mening fikrimcha, tilla kabi boshqa, yanada daromadliroq va barqarorroq aktivlar ham bor.
Shuningdek, oldin tezkor depozitlarga pul qo’yishni ham sinab ko’rganman, lekin keyin ortiqcha xarajatlar paydo bo’lganda pullarni juda tez yechib olardim. Tezkor depozitlarning yomon tomoni shunda: ularni yechib olish oson, men esa reklamalarga juda tez uchaman.
Hozir ortiqcha pulim bo’lganda, albatta, tillaga pul kiritgan bo’lardim.
Oylik xarajatlarim sarhisobi:
Kiyimlarni hisobga olmaganda, 15 mln oylik bilan xarajatlarim oyiga 14,6 mln so’mni tashkil qiladi. Yangi shim/ko’ylak/krossovka olish kerak bo’lganda esa qo’shimcha daromadimdan sarflashga harakat qilaman.