Bankdan kredit olsangiz, uni albatta foizlar bilan qaytarishingizga to’g’ri keladi. Lekin kredit kartangiz bor bo’lsa, bankning pullaridan bepul foydalanishingiz mumkin: shunchaki ularni belgilangan davr ichida sarflashingiz va qaytarishingiz kerak. Bu davr “Imtiyozli” yoki “Foizsiz” davr deb nomlanadi.
Kredit kartasi bo’yicha imtiyozli davr — bu kredit pullarini sarflasangiz ham sizga foiz hisoblanmaydigan muddat.
U qanday ishlaydi?
Bank sizga pul beradi va imtiyozli davrni belgilaydi. Agar siz sarflangan pullarni shu davr ichida qaytarsangiz, bank sizni komissiyalardan ozod qiladi. Aks holda u sizga kechikkanlik uchun foiz hisoblaydi.
Odatda imtiyozli davr 20dan 60 kungacha davom etadi, ammo shartlar bank va karta turiga qarab farq qilishi mumkin. AVO bankda ushbu davr 45 kalendar kunni tashlik qiladi: 30 kun xaridlar uchun va 15 kun sarflangan pullarni qaytarish uchun. Lekin siz birinchi 30 kun ichida pullarni sarflab, qaytarsangiz ham bo’ladi.
AVO’da imtiyozli davr hisobi bankdan kredit kartasiga pul o’tkazilgan kundan boshlanadi. Boshqa banklarda shartlar farq qilishi mumkin. Masalan, AVO bank 1-aprel kuni sizga kredit limitini ma’qulladi. Demak, imtiyozli davr 15-maygacha davom etadi. Agar siz birinchi xaridni 1-aprelda amalga oshirsangiz, qaytarish uchun yana 45 kun vaqtingiz bo’ladi. Lekin siz 30-aprelda sarflaydigan bo’lsangiz, pullarni qolgan 15 kun ichida qaytarishingizga to’g’ri keladi.
Imtiyozli davrning foydasi nimada?
Tasavvur qiling, ertaga ayolingizning tug’ilgan kuni va siz sovg’a olishingiz kerak. Xuddi atay qilgandek sovg’a uchun yig’ib yurgan pulingizni tishingiz og’riganda, uni davolash uchun sarflab qo’ydingiz. Uncha katta bo’lmagan xarajat uchun kredit olish — arzimaydi. Vaqtni yo’qotmasdan AVO platinum kredit kartasini rasmiylashtirishga kirishasiz. Bank 45 kungacha imtiyozli davr bilan sizga 1 million so’mni ma’qullaydi. Shu kuniyoq zo’r sovg’a olib, ayolingizni xursand qilasiz. 14 kundan keyin esa kartangizga oylik ish haqingiz tushadi va kredit kartasidan qancha sarflagan bo’lsangiz, roppa-rosa shuncha qaytarasiz.
Imtiyozli davr nimalarga amal qiladi?
Imtiyozli davr onlayn va oflayn xarid hamda xizmatlar uchun to’lovlarga amal qiladi. Ammo siz naqd pul qilishni yoki boshqa kartaga o’tkazishni istasangiz, bank o’z xizmatlari uchun komissiya ushlab qoladi. Komissiya miqdori bank tariflariga bog’liq.
Imtiyozli davrda pullarni qaytarishga ulgurmasangiz nima bo'ladi?
Bank sizga foiz hisoblashni boshlamasligi uchun hech bo’lmaganda majburiy to’lovni to’lab qo’ying. Ushbu to’lov miqdorini bank sayti yoki mobil ilovasida, masalan, AVO ilovasidagi maxsus jadvalda ko’rishingiz mumkin.
Nimalarni eslab qolish muhim?
- Kredit kartasi bo’yicha imtiyozli davrda siz kredit pullarini sarflashingiz va bankka foizlarsiz qaytarishingiz mumkin;
- Imtiyozli davrni yana foizsiz yoki greys-davr deb ham atashadi;
- AVO’da imtiyozli davr hisobi bank tomonidan kartangizga pul o’tkazilgan kundan boshlanadi, boshqa banklarda boshqacha bo’lishi mumkin;
- Imtiyozli davr mobaynida bemalol onlayn va oflayn xaridlar qilishingiz mumkin. Agar sarflangan pullarni shu davrda qaytarsangiz, hech qanday komissiya to’lamaysiz;
- Imtiyozli davr mobaynida ham o’tkazma va naqd pul qilishga yuqori komissiya va foizlar hisoblanadi. Kredit kartasidan naqd pul yechish ko’pincha foydadan ko’ra xarajat keltiradi;
- Agar qarzdorlikni imtiyozli davrda so’ndirishga ulgurmayotgan bo’lsangiz, majburiy to’lovni qiling — bu bank sizga yuqori foizlarni hisoblashini oldini oladi.