Pul yig’ish — bu siz o’ylaganchalik qiyin emas. Oxirgi 12 oy davomida men 10 million so’m yig’ishga muvaffaq bo’ldim. Buning uchun har kuni grechka yeyishimga to’g’ri kelgani yo’q. O’zimning shaxsiy tajribamda ko’rgan-bilgan layfhaklarimni siz bilan bo’lishaman!
1. Nima uchun pul yig’moqchiligingizni va qancha vaqtingiz borligini aniqlab oling
Men yozda Misrga borishni orzu qilardim, shu sababli sayohatga o’zim pul to’plashga qaror qildim. Tur-agentlardan surishtirib, Misr unchalik qimmat yo’nalish emasligini va 10🍋ga yaxshilab dam olish mumkinligini bilib oldim. Uzoq kutilgan ta’tilga bir yil oldin pul yig’ishni boshladim. Shunda hammasi oydinlashdi:
Maqsad: Misrga dam olishga borish
Kerakli summa: 10 million so’m
Muddat: 12 oy
Umumiy summani oylar soniga bo’ldim — oyiga 833 000 so’m chiqdi. Pullarimni keraksiz narsalarga ishlatib yubormaslik uchun ularni avtomatlashtirdim: har safar oylik tushishi bilan oyligimdan kerakli summa pul yig’ishga mo’ljallangan alohida hisobimga avtomat tarzda o’tkazildi. Bu menga bo’lar-bo’lmas xaridlardan o’zimni to’xtatishga yordam berdi.
2. Byudjetingizni tuzib oling va xarajatlaringizni boshqaring
Oldimga pul yig’ishni maqsad qilib qo’yishim bilan xarajatlarimni eng kichiklarigacha hammasini yozib bordim: muzqaymoq oldimmi — shu zaxotiyoq telefondagi eslatmalarga yozib qo’yaman, uyga kelib esa umumiy xajaratlar jadvaliga kiritaman.
Bu uslub nimalarga ko’proq pul sarflashimni va qaysi xarajatlarda tejashim mumkinligini ko’rishga yordam berdi. Birinchi navbatda byudjetdan taksi uchun xarajatlarni olib tashladim. Jamoat transportiga qaytish juda alam qildi🥲, lekin Misrda dam olish istagi hammasidan ustun chiqdi! Lekin ertalablari 30 000 so’mga oladigan bir stakan qahvadan voz kechish qo’limdan kelmadi — qahvasiz ishdan bo’shab ketishim aniq edi (xa-xa).
Daromad: 4 800 000 so’m
Birinchi o’rindagi xarajatlar (ijara, ovqat, transport): 3 000 000 so'm
Yig’ib boriladigan pul: 833 000 so’m
Qo'shimcha xarajatlar (o'yin-kulgi, xaridlar): 967 000 so'm
3. Yig’ilgan pullarni bankka qo’ying
Pul yig’ishni boshlaganimdan 3 oy o’tib menda 2 499 000 so’m paydo bo’ldi. Ularni 6 oyga yillik 21% stavka bilan omonatga qo’ydim. Ular menga 262 395 so’m sof foyda keltirdi. Yana 3 oy o’tib xuddi shuncha pulni boshqa bankka qo’ydim — yana 262 395 so’m foyda. Men pul uchun emas, pul men uchun ishlasa mazza ekan!
4. Progresingizni baholab boring
Har uch oyda men strategiyamni qayta ko’rib, progresimni baholab bordim. Hammasi hamirdan qil sug’urgandek o’tib bordi va men o’zimning moliyaviy holatim bilan yaxshi chiqishib oldim. Lekin sizda boshqacha bo’lishi ham mumkin, shuning uchun o’zingizning holatingiz va imkoniyatlaringizdan kelib chiqib, rejani o’zingizga moslashtirib olavering.
AVO platinum kredit kartasi
Sayohat uchun AVO bilan pul yig'ishni boshlaymizmi?
O'xshadimi yoki yo’q?
Ochig’ini aytganda, pul tejash men uchun unchalik yoqimli mashg’ulot bo’lmadi: taksi, tushlikka ovqat buyurtma qilish kabi qulayliklardan voz kechish menga bir qator noqulayliklar keltirib chiqardi. Ishga avtobusda qatnash va tushlikka o’zim bilan ovqat olib ketishga to’g’ri keldi. Lekin Qizil dengizda suzish orzusi meni doim ruhlantirib, kuch-quvvat bag’ishlab turdi.
Vanihoyat, men buning uddasidan chiqdim! 12 oy ichida men 9 996 000 so’m pul jamladim, yana omonatlardan 262 395х2 so’m foyda oldim — jami 10 520 790 so’m.
Endi eng qizig’i
Orzuim ushaldi! Tejab-tergab yig’gan pulimning hammasini Misrga sayohat uchun sarfladim. Giza piramidalariga borib keldim, akvalang bilan Qizil dengizga sho’ng’idim va har kuni mahalliy oshxonadan yangi ta’mlarni tatib ko’rdim.
Pul yig’ish tajribasiga keladigan bo’lsak, bu men uchun haqiqiy chaqiriq bo’ldi. Odatlarimni qaytadan ko’rib chiqish, impulsiv xaridlardan voz kechish va byudjetni sinchkovlik bilan rejalashtirishimga to’g’ri keldi. Ba’zi paytlarda, asosan rejalashtirilmagan xarajatlar paydo bo’lganda yoki do’kon vitrinasida trenddagi ko’ylak o’ziga mahliyo qilganda, o’zimni ushlab turish juda qiyin bo’ldi. Bunday vaqtlarda men rejamni, xarajatlarim hisobini va Misrning chiroyli rasmlarini qayta-qayta ko’rib chiqaverdim. Bu asosiy maqsadimni yodga solib turdi. Barcha harakatim va tejaganlarim ko’p marta o’zini oqladi. Endi o’zim uchun shunday chellenjlarni tez-tez o’tkazib turishimga shubham qolmadi. Muhimi — sabr va intizom, qolgan hammasi o’zidan o’zi bo’laveradi.
Shuning uchun, do’stlar, pulni to’g’ri yig’ishni boshlang va orzularingizni amalga oshiring — bu rostdan ham juda zo’r!