Oradan ko’p vaqt o’tib, nihoyat manikyurga borishga qaror qildim. Qadrli erkaklar, agar shu jumladan so’ng maqolani yopmoqchi bo’lsangiz, biroz sabr qiling, gap umuman manikyur haqida emas. Shunday qilib, uch yil oldin 120 000 so’m bo’lgan xizmatning narxi hozir deyarli ikki barobar ko’payganiga hayron bo’ldim. O’ylab qarasak, deyarli hamma joyda shu ahvol. Keling, aslida narxlar bilan nimalar sodir bo’layotgani va nega ular o’sayotganini birgalikda aniqlaymiz.
Har birimiz inflyatsiya haqida eshitganmiz. Lekin bu nima? Inflyatsiya — bu tovarlar va xizmatlar narxining asta-sekin o’sishi. Masalan, xuddi men qiladigan manikyur narxi kabi: ikki yil oldin u 120 000 so’m edi, hozir esa bunday narxga faqat bitta qo’lingizdagi tirnoqlarni chiroyli qilib beradilar (hazil — umuman hech narsa qilmaydilar 😆).
Narxlar qanchalik oshganini qanday tushunish mumkin?
Mamlakatdagi barcha tovarlar va xizmatlarning narxlarini taqqoslash qiyin vazifa. Shuning uchun inflyatsiya darajasini aniqlash uchun eng ko’p xarid qilinadigan mahsulotlar hisobga olinadi. Bu iste’mol savati deb ataladi.
Iste’mol savati — bu yaxshi yashash uchun eng kerakli tovarlar hisobga olinadigan xaridlar ro’yxati. Shuningdek, u ushbu muhim tovarlar qiymatidagi o’zgarishlarni kuzatishga yordam beradi. Turli mamlakatlarda savat tarkibi turlicha va u odatda men yuqorida aytib o’tgan manikyurni o’z ichiga olmaydi. Masalan, O’zbekistonda iste’mol savatiga non, don va dukkakli ekinlar, go’sht, sabzavotlar, mevalar va sut mahsulotlari kiradi. Shuningdek, maishiy tovarlar, kommunal xizmatlar, transport, dorilar va boshqalar kabi nooziq-ovqat xarajatlar ham bor.
Endi boshqa muhim atama — iste’mol narxlari indeksi (INI) yoki oddiyroq qilib aytganda, inflyatsiya indeksi haqida gaplashamiz. Bu indeks iste’mol savati qiymati asosida hisoblanadi. Bu indeks ma’lum bir davrda «savat» narxi qanday o’zgarganini ko’rsatadi, masalan, joriy yil narxlarini o’tgan yil narxlari bilan taqqoslash orqali. Tasavvur qiling, savatga oziq-ovqat mahsulotlari, ingliz tili kurslari va yoqilg’i kiradi. O’tgan yili ushbu mahsulotlarning o’rtacha narxi 1 000 000 so’mni tashkil etgan bo’lsa, bu yilda 1 050 000 so’mni tashkil etdi.
Joriy yil INI = (joriy yil iste’mol savati qiymati / o’tgan yilniki) * 100
Ya'ni:
(1 050 000 so’m / 1 000 000 so’m) * 100 = 105
Shunday qilib, inflyatsiya indeksi 105 ga teng bo’ldi. Bu degani, iste’mol savatining narxi o’tgan yilga nisbatan 5% ga oshgan. Ya’ni, tovarlar va xizmatlar narxi bir yil davomida o’rtacha 5% ga oshgan.
Nega inflyatsiya paydo bo’ladi?
Pul iqtisodiyotda aylanishda davom etaveradi va hech qayerga yo’q bo’lib qolmaydi. Masalan, siz ishlaysiz, maosh olasiz hamda uni oziq-ovqat va kiyim-kechak uchun sarflaysiz. Siz oziq-ovqat va kiyim-kechak sotib oladigan do’konlar ushbu pullarni o’z ishchilariga ish haqi to’lash va yangi tovarlarni sotib olish uchun ishlatadi. Do’kon xodimlari yana o’z ehtiyojlari uchun pul sarflaydi. Pulning bir qismi soliqlarga ketadi, davlat bu pullarni yo’llar, maktablar va shifoxonalar qurishga yo’naltiradi. Shunday qilib, pul doimiy ravishda harakatda bo’lib, iqtisodiy mexanizmni qo’llab-quvvatlaydi.
Bu haqda so'z yuritganimizning sababi narxlar oshishiga ta'sir qiluvchi bosh omillardan biri — bu, iqtisodiyotda pul miqdorining ko’payishi hisoblanadi. Axir, odamlarda qancha ko’p pul paydo bo’lsa, ular shuncha ko’p xarajat qila boshlaydilar. Agar tovarlar va xizmatlar miqdori ko’paymasa, ularga talab oshadi va narxlar o’sishni boshlaydi. Bu shakar bilan bog’liq vaziyatga o’xshaydi: agar shakar kam bo’lsa-yu, talabgorlar ko’p bo’lsa, shakar narxi oshaveradi.
Agar Markaziy bank haddan ziyod pul chop etishni boshlasa, pul aylanmasida kupyuralar soni ko’payadi, ya’ni iqtisodiyotda pul miqdori yana oshadi. Ammo tovarlar va xizmatlar miqdori o’zgarmaydi. Bu xuddi ziyofatda hammaga ikki barobar ko’p pul tarqatilib, lekin oziq-ovqat va ichimliklar sonini oshirmaslik holatiga o’xshaydi. Mehmonlarning puli ko’payib, yanada ko’proq oziq-ovqat va ichimlik sotib olishni xohlashadi. Lekin ularning miqdori o’zgarmaganligi sababli, mehmonlar orasida raqobat boshlanadi: ular o’zlari istagan narsalarga ega bo’lish uchun ko’proq pul to’lashga tayyor. Natijada sotuvchilar (yoki ziyofat egasi) talabni tartibga solish uchun narxlarni ko’tarishni boshlaydi.
Agar maoshlar ishlab chiqarish hajmidan tezroq o’ssa, bu ham inflyatsiyaga olib kelishi mumkin. Mantiq oldingi holatlardagidek: pul ko’paygani bilan, tovarlar soni o’zgarishsiz qolaveradi, bu esa tovarlar va xizmatlar narxining o’sishiga olib keladi.
Inflyatsiyaga yana bir sabab — bu, mamlakatda tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish darajasi umuman pasayib, odamlarning qo’lidagi pul miqdori o’zgarishlarsiz qolishi. Mamlakat iqtisodiyoti qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganda do’konlarda mahsulotlar soni kamayishi sababli odamlar qolgan tovarlar uchun raqobatlasha boshlaydi. Bu ham talabni oshiradi va narxlarning o’sishiga olib keladi.
Inflyatsiyaning navbatdagi sababi ishlab chiqarish va xom-ashyo xarajatlarining o’sishi, soliqlarning oshishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Misol uchun, yaqinda kommunal xizmatlar narxining oshishi haqida xabarlar bor edi. Endi ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar ko’proq pul to’lashga majbur va ular bu xarajatlarni qoplash uchun o’z mahsulotlari narxini oshirishlari mumkin.
Inflyatsiya bizga qanday ta’sir qiladi?
Inflyatsiyaning mahsulotlarning qimmatlashishidan tashqari yana boshqa ko’plab salbiy tomonlari bor. Ba’zilar buni oqlashga harakat qilib, inflyatsiyada ham afzalliklar borligini aytadilar, lekin also bunday emas. Ularning hech qanday afzalliklari yo’q.
Xarid qobiliyati kamayadi. Inflyatsiya narxlarning oshishiga olib keladi. Bu degani, avvalgi miqdordagi pul evaziga biz kamroq tovar va xizmatlar sotib olamiz. Tasavvur qiling: siz o’z ehtiyojlaringiz uchun oyiga 3 000 000 so’m sarflaysiz. Agar inflyatsiya yiliga 10% bo’lsa, keyingi yil sizga xuddi shunday xaridlar uchun 3 300 000 so’m kerak bo’ladi.
Jamg’armalar qadrsizlanadi. Inflyatsiya yuqori bo’lganida bizning omonatlarimiz qadrsizlanadi. Agar omonatlarning foiz stavkalari inflyatsiya darajasidan past bo’lsa, demak bizning jamg’armalarimiz ham kamayadi.
Milliy valyuta zaiflashadi. Inflyatsiya milliy valyutaning qadrsizlanishiga olib keladi. Narxlarning o’sishi va iqtisodiy beqarorlik sababli valyuta investorlar e’tiborini kamroq tortadi. Valyuta zaiflashganda import qilinadigan tovar va xizmatlar qimmatlashadi.
Inflyatsiyaga qarshi kim va qanday kurash olib boradi?
Inflyatsiyadan boshog’riqlar juda ko’p — nazorat qilish choralari bo’lishi kerak-ku? Ha, ular bor. Markaziy banklar (MB) va hukumatlar inflyatsiyaga qarshi asosiy kurashchilar. Keling, Markaziy banklarning uslublari haqida gaplashamiz.
Foiz stavkalari. Foiz stavkalarini oshirish kreditlar narxini oshiradi, o’z-o’zidan kreditlarga bo’lgan talab pasayadi. Odamlar kreditga kamroq murojaat qilishadi, demak ularda pul kamroq bo’ladi va deyarli hech narsa xarid qilishmaydi. Bu narxlar o’sishini sekinlashtiradi.
Qimmatli qog’ozlarni sotish va sotib olish. Davlat qimmatli qog’ozlarini sotish va sotib olish iqtisodiyotdagi pul miqdoriga ta’sir qilishi mumkin. Markaziy bank qimmatli qog’ozlarni sotib, odamlar va kompaniyalardan pul oladi, natijada iqtisodiyotda pul kamayadi, bu inflyatsiya darajasini pasaytirishga yordam beradi.
Ikkinchi guruh kurashchilar — hukumat. U fiskal siyosat va narxlarni tartibga solish orqali harakat qilishi mumkin.
Fiskal siyosat. Davlat xarajatlarini kamaytirish yoki soliqlarni oshirish iqtisodiyotdagi umumiy talabni kamaytirishi mumkin, bu inflyatsiyani kamaytirishga yordam beradi. Boshqacha qilib aytganda, odamlarda xarid qilish uchun kamroq pul qoladi va narxlar sekinroq o’sadi.
Narxlarni tartibga solish. Ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining o’sishini vaqtincha muzlatish yoki cheklash inflyatsiyani qisqa muddatda nazorat qilishga yordam beradi. Ba’zida hukumat ma’lum tovarlar narxlari kelgusi yil davomida o’smasligini aytishi mumkin, shu bilan inflyatsiyani to’xtatadi.
O’zbekistondagi inflyatsiya haqida
Ma'lumotlarga ko'ra, 2017-yilga qadar narxlar yiliga 3-5% ga o’sishi qayd etilgan, lekin ularning ishonchliligiga shubha bor edi. O’sha paytda Xalqaro valyuta jamg’armasi haqiqiy inflyatsiya ancha yuqori ekanligini ta’kidladi. 2017-yilda statistika yanada shaffof holga kelib, inflyatsiya 14,4% ni tashkil etdi, bu «sezilmas» 3-5% ga nisbatan ancha yuqori, shunday emasmi? 2019-yilda inflyatsiya 15,2% ga yetdi, 2023-yilda esa 8,77% ni tashkil etdi — bu 2016-yildan beri eng past ko’rsatkichdir.
Masalan, Jahon banki quyidagicha statistikani keltiradi.
Hozir esa, energiya tariflarini isloh qilish tufayli ko’plab xalqaro tashkilotlar, masalan, Osiyo Taraqqiyot Banki, Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon banki inflyatsiyaning o’sishi va iqtisodiy o’sishning sekinlashishini bashorat qilmoqda. Chunki, o’zingiz bilganingizdek, kompaniyalar ishlab chiqarish, bizning holatda esa kommunal xizmatlar, uchun xarajatlarning oshishiga duch kelganda, ular ko’pincha bu xarajatlarni qoplash uchun mahsulotlar narxini oshiradilar.