Moliyaviy muammolarimni yechishda kreditlar qanday yordam bergani haqidagi hikoya.
Biz hammamiz kreditlardan qo’rqardik
Men 90-yillarda Toshkentda o’sib-ulg’ayganman. Lekin, ko’plab tengdoshlarim kabi men ham amerikancha filmlarni ko’rib katta bo’lganman. Ularda «Hisobimga yozib qo’ying», «Mana kredit kartam», «Men uy, o’qish uchun kredit to’layapman» kabi jumlalar doim quloqqa chalinardi. Bu men uchun notanish, o’ta qiyin va faqatgina qayerdadir uzoq o’lkalarda uchraydigan narsadek tuyulardi. Buning hayratlanarli joyi yo’q, axir bizning o’rtahol (va undan quyidagi) oilalarda hozirgi kun uchun odatiy debet kartalar (xizmat, tovar uchun to’lov, pul o’tkazmalari va shu kabilarda foydalaniladigan oddiy bank kartalari) ham bo’lmagan.
Biz ulg’aydik, maktabga bordik va avval tushunmagan ko’pgina narsalarni tushuna boshladik. Biz tarixni yuzaki o’qib, kreditlar butun dunyoda moliyaviy inqirozlarga sabab bo’lganligi haqida tez-tez eshitardik. Kredit bilan «qullik», uzluksiz doira va o’ta xavfli tushunchalarni bog’lay boshladik.
Davlatimizda bank tizimi sekin rivojlanib borardi. Men universitetda o’qigan vaqtlarimda (2012–2016) bank kartalari endi-endi muomalaga kirishni boshlagan edi va ko’pchilik bu o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlamadi. Bankomatlar soni kam, karta hisobini to’ldirish uchun esa uzundan-uzun navbatlarda turishga to’g’ri kelardi, lekin hamma joyda naqd pullar talab etilardi. Faqat 2017-yildan boshlabgina vaziyat ancha yaxshilana boshladi.
Undan so’ng hayotimizga kreditlar kirib kela boshladi. Ko’pincha ulardan kattalar texnika olish uchun foydalanishardi. Ammo kreditdan olovdan qo’rqqandek qo’rqadigan odamlar orasida doim «foizlari otning kallasidek», «bir marta tushsang, keyin qaytib qutulolmaysan», «keyin foiz to’lagandan ko’ra pul qarzga olganim yaxshi» kabi gaplar yurardi. Hali bunda faqat muddatli to’lovni nazarda tutyapman, bankdan qarz olishni esa asti qo’yaverasiz.
Ko’pchilik qonuniy ish joyi bo’lmagani uchun kredit ololmasdi. Ular ish joyidan ma’lumotnoma yoki rasmiy daromadidan ko’chirmani taqdim etolmagani uchun kredit olish imkonini yo’qotardi. Vaqt o’tib vaziyat o’zgardi: ko’plab kompaniyalar «oq daromad» bilan ishlay boshlagani, yagona dollar kursi va o’zini o’zi bank qilish tizimi paydo bo’lgani sababli fuqarolarda kredit olish imkoniyati kengaydi.
Mening pullarim
2010-yildan boshlab ishlashni va yegulik, kiyim-bosh, yo’lkira va boshqa xarajatlarimni o’zim qoplay boshladim. Oxirgi uch yil davomida kvartira ijarasi va kommunal xizmatlarni ham o’zim to’layapman. Bu mening yanada ulg’ayishim va moliyaviy masalalarni o’rganishimga turtki bo’ldi. «Daromaddan 10%dan olib qo’yish» qoidasiga amal qilgan holda, onlayn-bankda muddatsiz omonat ochdim. Uzluksiz daromad sababli moliyaviy yostiqchamni tayyorlab bordim.
Lekin mening moliyaviy holatim har doim ham muqobil emas. Ba’zida oyligim hamma xarajatlarimni qoplaydi. Lekin, ishda oylik kechikkanda yoki ishsiz qolgan vaqtlarimda kundalik ehtiyojlarimga pul yetmay qolgan vaqtlar bo’lgan. Kamdan-kam hollarda yaqinlarim yordam berishardi, ko’proq do’stlarimdan qarzga olardim.
Bankda birinchi kreditimni 2023-yil dekabrda olganman. O’sha vaqtlarda rasmiy ish joyim ham paydo bo’ldi, lekin baribir qiyinchiliklar meni butkul tark etmadi. Ishsiz bo’lgan vaqtimda olgan qarzlarim va kunlik xarajatlarim boshimda qora bulutdek to’planib turardi. Kredit olishni bir necha oy davomida o’yladim. Bir tomondan sinov muddati tugab, ishga rasman kirishimni kutdim, shu bilan birga kuchimni bir joyga to’plab, variantlarni o’rganib chiqa boshladim.
Kreditni qanday ochganligim
Bir necha bankda ochilgan kartalarim bor edi. Ular ichidan qulay onlayn-ilovasiga ega bo’lganlarni tanladim. Men uchun qulaylik o’ta muhim edi, banka borib, navbatda turish, doim charchagandek ko’rinadigan xodimlardan nima va qayergaligini so’rashdan o’zim ham sarson bo’lish yoki pulni yalinib-yolvorib so’rab olishga hech ham xohishim yo’q edi.
Kreditlar sizning maqsadingizga qarab har xil bo’ladi. Mashina, texnika xaridi (iste’molchi), turizm, ipoteka, o’qish yoki biznes uchun kredit bo’lishi mumkin. O’z xarajatlaringiz uchun olishingiz mumkin bo’lgan kredit — bu mikroqarz. Turli banklarda o’rtacha 1–3 milliondan 50–100 million so’mgacha qarz beriladi.
Keyin kredit berish shartlari, foiz stavkalari va hisob-kitob davrlarini o’rganishga kirishdim.
- Foiz stavkasi — qarzga olgan pulingiz ustiga qo’shib to’lanadigan pul miqdori. Toshkentning turli banklarida bu miqdor 23 dan 49% gacha farq qiladi.
- Hisob-kitob davri — kredit bo’yicha siz to’lov qiladigan muddat. Banklarda bu muddat 1 oydan 5 yilgacha belgilanishi mumkin.
Ushbu ikki ko’rsatkich o’zaro bog’liq: hisob-kitob davri qancha uzun bo’lsa, foiz stavkasi shuncha yuqori bo’ladi va oylik to’lovlaringiz kam bo’lsa-da, umumiy to’lov miqdori oshadi. Ko’pgina banklar foiz stavkasi, davr va oylik to’lov miqdorini hisoblash uchun onlayn-kalkulyatorlarni taklif qilishadi.
Yana boshqa turi ham bor — kredit kartalar. Siz bankdan imtiyozli davrda pul qarzga olasiz: agar qarzni shu davr ichida yopishga ulgursangiz, faqat sarflagan pulingizni qaytarasiz. Lekin agar ulgurmasangiz, foiz to’lashingizga to’g’ri keladi. Limit, xuddi kreditdagidek, yoshingiz, daromadingiz va kredit tarixingizni hisobga olgan holda individual tarzda hisoblanadi.
Misol uchun, AVO bankda kredit kartasiga beriladigan pullarning maksimal limiti — 50 million so’m, imtiyozli davr esa — 45 kungacha. AVO platinum kredit kartasi juda zarur bo’ladigan holatlar uchun hisobingizda pul saqlash imkonini beradi. Buning afzalligi shundaki, kredit pullarni sarflamasangiz, hech nima to’lamaysiz. Mabodo pullarni ishlatsangiz, imtiyozli davr tugaguncha ularni qaytarib, foiz to’lashdan omon qolasiz.
AVO platinum kredit kartasi
Turli vaziyatlar uchun zaxiradagi hamyoningiz
Men turli ilovalarga kirib, shartlar bilan tanishib chiqdim, ularni bir-biri bilan solishtirib, o’zimning imkoniyatlarimni baholadim. Men yarim yildan bir yilgacha muddat ichida qaytarsa bo’ladigan 5–10 million olishim kerak edi. Oylik to’lov miqdori bilan hisob-kitob davrining o’rtasida balans bo’lishini istardim. Foiz stavkasi meni unchalik qiziqtirmasdi, garchi, balkim, bu unchalik ham to’g’ri yo’l emas.
Mikroqarz turini tanlaganimdan so’ng ikkita bankda ariza qoldirdim. U vaqtlarda ishga rasmiy joylashganimga bir oygina bo’lgandi, bundan oldin o’zini o’zi band qilgan shaxs sifatida ishladim. Banklardan biri rad javobini berdi, ikkinchisi esa men kutgandan ancha-muncha kam pul ajratdi — 1 yilga 49% stavka bilan 3 million. Menga ajratilgan summani oldim va bankka har oy 319 000 so’mdan to’lab bordim. To’lov bank ilovasidagi kartalarimdan biridan avtomat tarzda yechib olinardi. Natijada, taxminan 840 000 so’m ustama to’ladim, lekin 12 oyga cho’zib to’laganim uchun hamyonimga og’irligi unchalik sezilmadi.
Aslida, hozir foiz qanchalik katta bo’lganligini tushunyapman, lekin o’sha vaqtda bu men uchun eng yaxshi yechim edi. Hozir bo’lganda men ko’proq takliflarni topib, balki masalani o’rganish uchun ko’proq vaqt sarflab, ular ichidan eng foydalisini tanlagan bo’lar edim.
Ajratiladigan limitni tizim qanday hisoblaydi?
Odatda banklar bir necha omillardan kelib chiqib sizga ajratiladigan kredit limitni aniqlaydilar:
- Daromadingiz darajasi, ya’ni sizning to’lov qobiliyatingiz. Qarz uchun to’lanadigan pulning minimal miqdori umumiy oylik daromadingizning 30%idan oshmasligi kerak.
- Kredit tarixingiz: u kechiktirgan to’lovlaringiz, amaldagi qarzlaringiz va o’z vaqtida yopilgan kreditlaringiz sonini ko'rsatadi.
Nima uchun menga kredit olish to’g’ri keladi?
Natijada, bir necha sabablarga ko’ra tanishlarimdan qarz olgandan ko’ra bankdan olgan afzalroq degan qarorga keldim:
- Kredit bo’yicha to’lovlarni bekor qilib ham, keyinga qoldirib ham bo’lmaydi. Qarz cheksiz cho’zilaverishi mumkin, ayniqsa sizni hech kim shoshiltirmasa. Bank to’lovini kechiktirish esa o’z ortidan foiz va jarimalarga olib keladi.
- O’zingizni kimningdir oldida majburdek his qilmaysiz. Bu odam psixologiyasiga bog’liq. Masalan, men uchun kimningdir oldida qarzdorligimni bilish, menga bu haqda umuman eslatishmasa ham, juda yoqimsiz. Bank bilan bunday hislar paydo bo’lmaydi, chunki o’rtada shaxsiy munosabatlar yo'q.
- Bo’lib-bo’lib to’lash qulayroq. Qarzni qaytarayotganingizda bittada ko’p pul bilan xayrlashishga to’g’ri keladi va bu siz uchun qiyin bo’lishi mumkin. Kredit bilan esa har oy oz-ozdan to’lab borasiz, shuning uchun og’irligi unchalik sezilmaydi.
Bir necha oy o’tgandan so’ng yana rejalashtirilmagan xarajatlar yo’limda to’siq bo’ldi. Endi o’zimni ancha dadil tutib, avvalgi safar menga kredit olishda rad javobini bergan bankdan mikroqarz so’radim. Bu gal menga 3 yilga 41% stavka bilan 3,2 million so’m ajratishdi. Bu kredit bo’yicha hozircha oyma-oy 200 000 so’mdan to’lab boryapman, lekin har keyingi to’lov kamayib bormoqda. Oxirgi to’lovim 92 000 so’m bo’lishi kerak.
Shuningdek, muddatli to’lovga ham tovar xarid qildim. Ehtiyojlarim, byudjetim, kutilayotgan xarajatlarimni o’rganib chiqib, katta xariddan hech qayerga qochib qutulmasligim va shuncha pulni o’zim cho’ntagimdan to’lay olmasligimni tushundim.
Kredit kartalarga keladigan bo’lsak, men ular bilan yaqindagina tanishdim, lekin xizmatdan hali foydalanib ko’rmadim. Men AVO ilovasida ro’yxatdan o’tdim va o’zimga virtual kredit karta ochdim, undan oddiy debet kartasi sifatida ham foydalansa bo’ladi. Hammasini onlayn, qog’ozlar yig’ish yoki bankka borishlarsiz hal qilish mumkinligi menga juda yoqdi. Hozircha kredit pullarga ehtiyoj paydo bo’lmadi, lekin hamma imkoniyatlarni oldindan o’rganishni ma’qul ko’raman.
AVO platinum kredit kartasi
Kredit kartasiga pullarni oling va %siz saqlang
Bankdan qarz olishni o’ylaganlarga bir nechta tavsiyalar
Kredit — bu, hamma dardga davo emas. Mikroqarzlar va muddatli to’lovlar daryosiga to’liq sho’ng’ib ketmang. Masalaga bosiqlik bilan va oqilona yondashing. Va yana muhimi: imkoniyatlaringizni xolis baholang.
Birinchidan, turli maqsadlar uchun kreditlar ham turlicha: iste’molchi, ipoteka, avtokredit yoki o’qish uchun. Ba’zida kredit olish uchun pasport, kafillik yoki garovdan tashqari boshqa hujjatlar ham talab etiladi. Kreditlarni bankda yoki onlayn tarzda rasmiylashtirishingiz mumkin. Bozordagi barcha banklar takliflarini tekshirib ko’ring va o’zingizga to’g’ri keladiganini tanlang.
Ikkinchidan, ko’pchilik banklar to’lov qobiliyatingizga ishonch hosil qilish uchun rasmiy ish joyingizdan ma’lumotnoma so’rashlari mumkin. Agar rasmiy ish joyingiz bo’lmasa, o’zini o’zi band qilgan shaxslarga mikroqarz beradigan banklar takliflarini o’rganib chiqing. O’zini o’zi band qilganlikni Soliq ilovasida bepul va oson rasmiylashtirish mumkin.
Uchinchidan, kredit shartlarini o’rganing va ularni rejalaringiz hamda moliyaviy sharoitingiz bilan solishtiring. Bank sizning ish haqingizdan kelib chiqib sizga limit hisoblaydi, lekin u xarajatlaringiz haqida hech nima bilmaydi. Oylik to’lov miqdorini ko’tara olishingiz va bu sizga juda og’irlik qilmasligiga ishonch hosil qiling.
To’lovlarga daromadingizdan 30–40% dan ko’p ketmasligi uchun ekspertlar katta summali kreditlarni uzoq vaqtga olishni maslahat berishadi.
To’rtinchidan, boshqa odamlar kreditlarini o’zingizga rasmiylashtirmang. Ko’pchilik qarindoshlari yoki do’stlari uchun kredit olishadi va bu pulni qaytara olmaslik xavfini yaratadi. Siz bu odamga to’liq ishonsangiz ham boshqa muammolar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, sizning o’zingizga mikroqarz yoki muddatli to’lovga kredit zarur bo’lib qolishi mumkin, lekin siz olishingiz mumkin bo’lgan kreditlar soni cheksiz emas. Ortiqcha mehribonchiligingiz sababli boshingizga ortiqcha tashvish orttirib olishingiz mumkin.
Umuman, kreditlarni aql bilan oling, ishlaringizga rivoj tilayman!