Yaqinda hamkasblarim bilan kelishib, yangi texnika xarid qilishga qaror qildik: men yig‘ilgan pullarni olib, Malikaga bordim. Ikkita smartfon va ular uchun aksessuarlar sotib olish juda ham oson bo‘ladi deb o‘ylagandim, lekin unday bo‘lmadi. Hozir sizlarga Malikadagi orttirgan kichik tajribam, xaridlarim va o‘zim uchun kashf etgan yangi taassurotlar haqida aytib beraman.
Umuman olganda, Malikada texnika sotib olish anchagina muvaffaqiyatli kechdi. Ammo ba’zida bozorda narxi va sifati bo‘yicha ideal ko‘ringan gadjet uyga qaytgach, anchagina ko‘ngilni qoldiradi. Mening xatolarimni takrorlamasligingiz uchun men bilan ro‘y bergan bir nechta voqealarni aytib beraman.
Bozorga borishdan oldin nimalarni bilishingiz kerak
Qisqacha aytganda, bozorda sotiladigan texnikalar quyidagi uch toifaga bo‘linadi:
- Yangi va ishlab chiqaruvchining rasmiy kafolati bilan — bularni interfeysda o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash va bir yillik kafolatdan bilib olish mumkin;
- Yangi va do‘kondan bir oylik kafolati bilan — bu ko‘pincha O‘zbekiston hududida sotish uchun mo‘ljallanmagan «norasmiy» elektronika;
- B/U — ishlatilgan texnika, asosan smartfonlar.
Barcha toifalarda tajribam bor. Masalan, xotinim uchun ikki marta rasmiy dillerdan xarid qilganman, o‘zim uchun tejashga harakat qilaman, shuning uchun norasmiy tovarlarni tanlayman (balki rasmiysi ham bo‘lgandir, aniq aytolmayman). B/U tovarlarni esa juda yoshligimda sotib olardim. U paytda sifat haqida hech narsani tushunmasdim, faqatgina iPhone’nim bo‘lishini istardim, lekin afsuski u menga uzoq vaqt xizmat qilmadi.
Xo‘sh, qanday qilib biz olgan sovg‘a «g‘isht» ga aylandi?
Bu voqea bundan uch yil avval sodir bo‘lgan. Do‘stlarimiz bilan pul yig‘ib, eng yoshi katta hamkasbimizga smartfon sovg‘a qilishga qaror qildik. Yetarlicha naqd pul yig‘ilgach, smartfon olish uchun Malikaga bordik. Bizda ishlatilgan iPhone XR va yangi Samsung Galaxy A52 o‘rtasida tanlov bor edi. Hamkasbimizga birinchisi yoqdi, chunki u «olma»ni juda yaxshi ko‘rardi.
Ammo bir necha kundan keyin barchamiz bundan afsuslandik... Smartfonga dasturiy ta’minot uchun yangilanish kelishi bilan u quvvat olmay qo‘ydi va «g‘isht»ga aylandi. Keyin bilsak, smartfon akkumulyatori almashtirilgan, eskisining o‘rniga original bo‘lmagan akkumulyator qo‘yilgan ekan. Bunday holatda Apple bu kabi qurilmalarni quvvatlashni bloklab qo‘yadi. Telefonni do‘konga qaytarib berishda hech qanday muammo bo‘lmadi, ammo bu voqea butun kompaniyamiz uchun yaxshigina dars bo‘ldi.
O‘sha voqeadan keyin o‘zimga endi hech qachon ishlatilgan gadjet sotib olmaslikka va’da berdim. Oradan bir yilcha vaqt o‘tgach, Malikadagi tanish sotuvchi menga bozordagi deyarli barcha ishlatilgan smartfonlarning kelib chiqishi shubhali ekanligini aytdi. Sxema quyidagicha: «boy» mamlakatlarda buzilgan telefonlarni arzon sotib olishadi, korpus, akkumulyator va ekran kabi qismlarini original bo‘lmagan ehtiyot qismlariga almashtirishadi va O‘zbekistonga olib kirib, ustiga qo‘shimcha narx qo‘yib, sotishadi. Bunday smartfonlarni tanib olish juda oson: ular quti va hujjatlarsiz sotiladi.
Xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Yaqinda men Malikadan ham topish qiyin bo‘lgan Soundcore Space Q45 quloqchinlarini sotib oldim. Ammo sotuvchilar quloqchinni tekshirib ko‘rishim uchun qadoqni ochishga qarshi bo‘lishdi. Keyin boshqa do‘konlarni ham aylanib chiqishni boshladim va yarim soat deganda gadjetni tekshirib ko‘rishga rozi bo‘lgan joyni topdim. Men uchun quloqchinlarni o‘z tovarlari sifatidan qo‘rqmaydigan do‘kondan sotib olish muhim edi. Faqat shu tariqa kamchilik yoki nosozliklarni darhol aniqlash va hal qilish mumkin.
Shuningdek, barcha do‘konlarni aylanib chiqish kerak. Sotuvchilar Telegram orqali o‘zaro qandaydir umumiy narxga kelishgan bo‘lsalar-da, ustamalarni hamma o‘z bilganicha belgilaydi. Shuning uchun bozor bo‘ylab ko‘proq yurilsa, eng foydali variantni topish mumkin. Masalan, men Vivo V27 smartfonini xarid qilganimda shunday bo‘lgan: juda ko‘p do‘konlarda smartfon 440 dollar turardi va sotuvchilar esa bozorda bundan arzonroq narxga topolmasligimni aytishardi. Ammo qat’iyatim tejab qolishga sezilarli yordam berdi — barcha do‘konlarni aylanib chiqib, Vivo kompaniyasining rasmiy kafolati bilan 410 dollarga ayni shu smartfonni xarid qildim.
Oxirgi xaridim: Malika’dan qaynonam uchun sovg‘a sifatida Redmi Note 12 Pro sotib oldim. Smartfonni bir do‘kondan arzonroqqa topdim, ammo sotuvchining muomalasi, sensirab gaplashishi menga yoqmadi. Bu beadablikka chidamaslikka qaror qildim va boshqa do‘konlarni aylana boshladim. Oxir-oqibat, juda xushmuomala sotuvchiga duch keldim, u smartfon sovg‘a uchun bo‘lgani tufayli yaxshigina chegirma qilib berdi.
Marketpleyslar bo‘yicha tajribalar
O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda marketpleyslar soni tobora ko‘payib bormoqda. Bu esa, tabiiyki, bozorda raqobat kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababdan texnika narxlari deyarli Malika bozoridagi past narxlarga yaqinlashmoqda. Endilikda shaharning narigi chekkasiga borish, texnika xaridi uchun ortiqcha vaqt sarflash shart emas. Chunki narxlar Malikadagiga yaqin, undan tashqari marketpleyslar tovarlarni eshikkacha yetkazib berishadi.
Masalan, o‘zim uchun sotib olmoqchi bo‘lgan Galaxy A55 smartfoni Malikada do‘kon kafolati bilan 3 950 000 so‘mga sotilmoqda. Olchada esa xuddi shu smartfonni Samsung kompaniyasining rasmiy kafolati bilan 4 189 000 so‘mga topdim. Ko‘rinib turibdiki, rasmiy kafolat uchun 239 000 so‘m ortiqcha to‘lov qilish qulayroq.
To‘lovni esa AVO platinum kredit kartasi to‘lashni reja qilyapman. Qulaylik shundaki, agar men hozir kredit kartadagi mablag‘ orqali to‘lov qilsam, ularni 45 kungacha foizsiz qaytarishim mumkin. Ungacha esa albatta, maosh olaman. Smartfonni esa yetkazib berish punktidan olib ketishim yoki uyimgacha bepul yetkazib berishni tanlashim mumkin. Men marketpleyslarni tanlashim uchun yana bir sabab bor: Malikada to‘lovni bank kartalari bilan to‘lab bo‘lmaydi va tabiiyki, xarid uchun chek ham yo‘q. Axir chek xaridni amalga oshirganingiz haqida dalil-ku. Ustiga ustak, chek bilan xarid summasining 1%ini qaytarib olish va bu pulni smartfon uchun g‘ilofga sarflash mumkin.
Nima to‘g‘ri va nima xato?
To‘g‘ri tanlov: agar tajribali bo‘lmasangiz, xarid qilishdan oldin texnikani sinchkovlik bilan tekshiring va rasmiy kafolatsiz «norasmiy» variantlarni tanlab, tejab qolaman deb o‘ylamang. Ammo ishonchlilik, vaqt, kuch va asablarni tejash nuqtayi nazaridan — ozgina qo‘shimcha to‘lov evaziga, kafolatlangan mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uygacha buyurtma berish osonroq.